IKKI BUYUK DAHO, IKKI BEBAHO

Joriy yilning 11 fevral kuni Andijon davlat tibbiyot instituti konferensiya zalida, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi va Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida “Ikki buyuk daho, ikki bebaho” deb nomlangan tadbir tashkil qilindi.

Buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy hamda shoh va shoir, Andijon farzandi Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodini qancha ko‘p yod etsak, shuncha kam. Ularning biz avlodlarga qoldirib ketgan boy maʼnaviy merosi yoshlarga ibrat vazifasini o‘taydi.

Mazkur tadbirda, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi F.Xanapiyayev, uyushmaning Andijon viloyat Kengashi raisi A.Arziyev, institut rektori M.Madazimov, Yoshlar bilan ishlash va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, professor-o‘qituvchilar, OAV, hamda talabalar ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘z olganlar, A.Navoiy va Z.M.Boburning ibrat bo‘larli hayoti, shaxsiy namuna bo‘luvchi fazilatlari, asarlaridagi odob-axloq, ota-ona hamda farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro xurmat masalalari, vatanga sadoqat, odamiylik tushunchalarining  yaqqol namoyon bo‘lishi haqida aytib o‘tdilar.

Institutning O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi M.Qo‘ziboyeva, ikki buyuk bobokalonimizga bag‘ishlab, tayyorlangan taqdimotni yig‘ilganlar e’tiboriga havola etdi va ifodali tarzda g‘azal, ruboiylar ijro etib, ularning mazmun-mohiyati bilan batafsil tanishtirdi.

Shundan so‘ng, tadbirning badiiy qismiga navbat berilib, institutning iqtidorli talabalari A.Navoiy va Z.M.Bobur qalamidan to‘kilgan dur so‘zlardan tizilgan g‘azal va ruboiylarni mahorat bilan ijro etdilar. Go‘zal kuy-qo‘shiq va  raqslar esa tadbirga yana-da, fayz kiritdi. Yakunda, tadbirda ishtirok etgan barcha faol talabalarga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Print Friendly, PDF & Email