Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun ham hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida mehnat qilayotgan insonlar, birinchi navbatda, xodimlar va yoshlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini puxta bilishi, unga butun jamiyat a’zolari qat’iy amal qilishi shart bo‘lgan muhitni yaratish g‘oyat muhim va dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan joriy yilning 2024-yil 5-dekabr kuni soat 13:00 da Toshkent tibbiyot akademiyasi faollar zalida “Konstitutsiya va yoshlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Toshkent davlat yuridik universiteti professor o‘qituvchilari, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi xodimlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi xodimlari, professor-o’qituvchilari va talaba-yoshlari, jamoatchilik vakillari hamda OAVlari xodimlaridan iborat 300 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Tadbirda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Xanapiyaev Farxodjon Raxmonovich, Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi xodimlari va professor-o’qituvchilari hamda jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi tarixi, uning davlat siyosiy-ijtimoiy hayotidagi ahamiyati, o‘ziga xos jihatlari haqida talaba-yoshlar hamda davra suhbati ishtirokchilariga batafsil ma’lumotlar berdilar hamda Konstitutsiya mamlakat yoshlari hayoti, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda hamda mustahkamlashda muhim o‘rin va ro‘lga egaligini alohida ta’kidladilar.
Xususan, davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’limni davom ettirishlarini kafolatlashi; har kim axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari va Internetdan erkin foydalanish huquqiga ega bo‘lishi; oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunlarda belgilangan doirada o‘z-o‘zini boshqarish, akademik erkinlik, tadqiqotlar o‘tkazish hamda o‘qitish erkinligi huquqiga ega bo‘lishi kabi normalar kiritilganligi mamlakatimiz yoshlari, ularning ta’lim olishlariga berilayotgan e’tiborning yana bir misoli ekanligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan berilgan takliflarning 60 foizdan ortig‘i bevosita yoshlar tomonidan berilganligi va shuni e’tiborga olgan holda Yangilangan Konstitutsiyada yoshlarga oid qator normalar, hatto bitta alohida bob “Oila, bolalar va yoshlar” masalasiga bag‘ishlanganligi ham alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini yanada takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun huquqiy asos yaratilganligi to’g’risida so’zladilar.
Shu bilan birga, yig‘ilishda so‘z olgan yoshlar Yangilangan Konstitutsiyaning yoshlar huquq va manfaatlariga daxldor normalarini har tomonlama tahlil qilgan holda ushbu Bosh qomusimizni “Yoshlar Konstitutsiyasi” deya e’tirof etishga ham barcha asoslar borligini alohida qayd etdilar.