Joriy yilning noyabr oyi butun respublikamizda ommaviy sport oyligi deb e’lon qilinganligi munosabati bilan 20 noyabr kuni Andijon Davlat tibbiyot instituti kasaba uyushmasi qo`mitasi hamkorligida institutning professor-o‘qituvchilari o‘rtasida “Rektor kubogi” uchun sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
Sport musobaqalarini o‘tkazishdan maqsad, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, uni targ`ib qilish hamda sportni ommalashtirishdir.
4 ta fakultet o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda ayollar va erkaklardan iborat jamoalar voleybol, stol tennisi va shaxmat sport turlari bo‘yicha bellashdilar. Bahslarni reabilitologiya va jismoniy tarbiya kafedrasi professor-o‘qituvchilaridan iborat hakamlar hay’ati kuzatib borishdi.
Ko‘pchilikni qiziqtirgan stol tennisi bahslarida erkaklar o‘rtasida ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi M.Mahmudov, ayollar o‘rtasida esa 1-akusherlik va ginekologiya kafedrasi o‘qituvchisi G.Sobirova g‘olib bo‘ldi.
Eng tomoshabop o‘yin voleybol bahslari bo‘ldi. Institutning barcha professor-o‘qituvchilari voleybolning muhlisi ekanligini ko‘rsatishidi. Mazkur bahslarda stamatologiya fakulteti erkaklar jamoasi, ayollar o‘rtasida esa pediatriya fakulteti jamoasi g‘olib bo‘lishdi.
“Aql gimnastikasi” sanalmish shaxmatda esa vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti jamoasi shifokorlarga xos zakovatlarini ko‘rsatishdi. Shaxmat bo‘yicha shu fakultet vakillari M.Qosimxojiyev hamda R.Saxataliyevalar g‘olib bo‘lishdi.
Qizg‘in baxslar yakunida umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni pediatriya fakulteti jamoasi egalladi. 2-o‘rinni stomatologiya fakultet, 3-o‘rinni esa davolash fakulteti jamoasi qo`lga kiritdi.
G‘oliblar va musobaqalarning faol ishtirokchilari institut ma’muriyati va xodimlar kasaba uyushmasi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Qizg‘in bahslarga boy sport musobaqalari barcha ishtirokchilar va tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.